Porsche elektr 718 Boxsterʼni taqdim etdi: 3 soniyadan kam vaqtda tezlashadi
Porsche elektr 718 Boxsterʼning dastlabki suratlarini eʼlon qildi va uning ayrim texnik xususiyatlarini ochiqladi. Sportkarning seriyali versiyasi taqdimoti 2027 yilning birinchi choragiga rejalashtirilgan.

Yangi 718 Boxster ishlab chiqishning yakuniy bosqichida. Porsche bu model uchun E-Core platformasini yaratdi. Undan kelajakdagi Cayman modelida ham foydalaniladi: uning debyuti 2027 yilning ikkinchi yarmida kutilmoqda.
Akkumulyator oʻrindiqlarning bevosita orqasida — benzinli Boxsterʼda dvigatel joylashgan qismda — vertikal holatda oʻrnatildi. Bu past oʻtirish holatini saqlab qolish, massani kuzov markazida jamlash va ogʻirlik taqsimotini 40:60 nisbatiga keltirish imkonini berdi. Yengillashtirilgan konstruksiyalar tufayli elektromobilning jihozlangan massasi gibrid Porsche 911 Cabriolet koʻrsatkichiga yaqin.
Model orqa gʻildirakdan tortuvchi boʻladi. Kompaniya maʼlumotiga koʻra, 718 Boxsterʼning eng yuqori versiyasi 0 dan 100 km/soatgacha 3 soniyadan kam vaqtda tezlasha oladi, uning maksimal tezligi esa 250 km/soatdan oshadi. Porsche vakillari yangi modelni oiladagi eng qudratli avtomobil deb ham atamoqda, biroq texnik xususiyatlarning toʻliq roʻyxati hozircha ochiqlanmagan.
Sportkarni yaratishda Porsche 911 modelidagi texnik yechimlardan foydalanildi. Elektromobilga 911 Carrera GTS versiyasidan rul mexanizmi, shuningdek, orqa gʻildiraklarni burish tizimi oʻtdi. U kuchli tormozlar va elektron boshqariladigan, ishqalanishi yuqori orqa differensial bilan jihozlandi.
Barcha elektr 718 Boxster modellari E-Shift tizimiga ega boʻladi. Ruldagi tugmani bosish ikki ilashish muftasiga ega virtual 7 pogʻonali transmissiyani faollashtiradi va uzatmalarni qoʻlda almashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, dinamiklar orqali bokser dvigatelining sintez qilingan ovozi eshittiriladi.





