Ishlatilgan Alfa Romeo Giulia Quadrifoglio yangi Toyota Camryʼdan arzonroq boʻldi
AQShda 2020-yilgi Alfa Romeo Giulia Quadrifoglio 30 000 dollardan kam narxda sotilmoqda, yangi Toyota Camry esa 36 000 dollardan boshlanadi. Alfa 505 ot kuchiga ega, biroq unga xizmat koʻrsatish xavfi yuqoriroq.

Kuchli qadrsizlanish Alfa Romeo sport sedanini yangi Toyota Camry bilan deyarli bir xil narx toifasiga olib keldi. Kelley Blue Book uning adolatli qiymatini taxminan 34 410 dollar deb baholaydi, savdo maydonchalaridagi eʼlonlarda esa oʻrtacha yurilgan masofa va tasdiqlangan texnik xizmat tarixiga ega avtomobillar 30 000 dollardan arzon taklif qilinmoqda.
Giulia Quadrifoglio Ferrari ishtirokida yaratilgan ikki turbinali V-simon dvigatel, avtomatik uzatmalar qutisi va orqa gʻildiraklardan tortish tizimi bilan jihozlangan. Quvvat qurilmasi 505 ot kuchini rivojlantiradi. Jihozlar qatoriga adaptiv osma, tortish kuchini qayta taqsimlaydigan oʻz-oʻzidan bloklanadigan differensial, Brembo tormozlari va faol aerodinamika ham kiradi. Alfa Romeo maʼlumotlariga koʻra, sedan 100 km/soat tezlikka toʻrt soniyadan kamroq vaqtda erishadi.
Camryʼga nisbatan ustunligi — dinamikasi va boshqaruvchanligida, biroq Alfa Romeoʻga egalik qilish ancha murakkabroq boʻlishi mumkin. Manbada elektronika va datchiklar nosozliklari, sovitish tizimidagi muammolar, shinalarning tez yeyilishi hamda tormozlarga qimmat xizmat koʻrsatish holatlari qayd etilgan. Xarid qilishdan oldin servis tarixini, diagnostik xatolarni, tormozlar va shinalar holatini tekshirish, shuningdek zamonaviy Alfa Romeo avtomobillarini yaxshi biladigan ustaxonada koʻrikdan oʻtkazish tavsiya etiladi.
Model yuqori oktanli benzin talab qiladi va odatda sugʻurtasi ham qimmatroqqa tushadi. EPA bahosiga koʻra, Giulia Quadrifoglioʻning yoqilgʻi sarfi shaharda 100 kilometrga 13,84 litrni, trassada esa 9,41 litrni tashkil etadi. Camry XSE AWD esa aralash siklda 100 kilometrga 5,47 litr sarflaydi. Shu sababli narxlar oʻrtasidagi farqni taʼmirlash va rejali texnik xizmat uchun zaxira sifatida saqlab qoʻyish tavsiya etiladi.





