Xitoydan beshta yangi baquvvat krossover. Ular Defender qiyofasiga kiradi
Xitoyning beshta krossoverida Land Rover Defenderʼga xos jihatlar koʻzga tashlanadi. Ushbu tanlov JLR va BYD oʻrtasidagi dizayn va texnologiyalar boʻyicha bahs fonida paydo boʻldi.

Jaguar Land Rover va BYD oʻrtasidagi Xitoydagi sud mojarosi fonida burchakli kuzov, tik fonarlar va Defenderʼni eslatuvchi boshqa jihatlarga ega bir nechta krossover taqdim etildi. Gaagadagi sud nusxa koʻchirish haqidagi ayblovlarni isbotlangan deb topmadi va JLRʼni BYDʼdan olib qoʻyilgan materiallarni yoʻq qilishga majbur qildi.
BAIC Xingtan 5X elektr va gibrid kuch qurilmalari, shuningdek, orqa, old yoki toʻliq yuritma bilan taklif etiladi. Model yirik bamperlar, ikki tomonga ochiladigan yukxona eshigi va 200 mm dan yuqori klirensga ega. Xitoyda uning narxi 19 500 dollardan boshlanadi. Quvvati 304 ot kuchiga teng elektr versiya tezkor quvvatlashni qoʻllab-quvvatlaydi, yurish zaxirasi esa 625 km gacha yetadi. Gibrid modifikatsiyalarning quvvati 272 dan 544 ot kuchigacha.
Ikkinchi avlod Wey Lanshan — toʻliq yuritmali, tarmoqdan quvvatlanadigan gibrid. Uning jami quvvati 687 ot kuchiga yetadi. Jihozlar qatoridan pnevmatik osma, orqa differensial blokirovkasi va barcha gʻildiraklari boshqariladigan shassi oʻrin olgan. Avtomobil narxi 43 500 dollardan boshlanadi, elektr quvvatida yurish zaxirasi esa batareyaga qarab WLTC sikli boʻyicha 220 yoki 270 km gacha yetadi.
iCaur V25 V23 va V27 modellari orasidan joy oldi. Krossover orqa yoki toʻliq yuritma bilan ishlab chiqariladi, kuch qurilmasida esa benzinli dvigatel generator vazifasini bajaradi. Narxlar 21 000 dollardan boshlanadi. Toʻliq yuritmali versiya 100 km/soat tezlikka 5,8 soniyada chiqishi aytilgan.
Dongfeng M-Hero X700 Huawei bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Avvalgi M-Hero yoʻltanlamaslaridan farqli oʻlaroq, unda rama konstruksiyasi yoʻq: model kundalik haydash va yengil yoʻlsiz sharoitlarga moʻljallangan. Kuch qurilmasi 704 ot kuchi ishlab chiqaradi va quvvati 154 ot kuchiga teng 1,5 litrli turbomotorni 255 va 288 ot kuchiga ega elektr dvigatellar bilan birlashtiradi. Uning xususiyatlari qatorida pnevmatik osma, Huawei ADS 5 yordamchi tizimlari va chuqurligi 800 mm gacha boʻlgan kechuvdan oʻtish imkoniyati bor. Narxi 22 150 dollardan boshlanadi.
Jetour Traveller 7 benzinli dvigatellar va tarmoqdan quvvatlanadigan gibrid tizim bilan taklif etiladi. Salonda multimedia ekrani, massaj funksiyali oʻrindiqlar, 23 ta dinamikli audiotizim va Falcon 500 yordamchilar majmuasi oʻrnatilgan. Modelning Xitoydagi narxi 21 000 dollardan boshlanadi.





